Joriy yilning 17-oktyabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida XVIII asr turkman mumtoz shoiri Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligiga bag‘ishlangan «Qardosh xalqlar do‘stligini mustahkamlashda Maxtumquli ijodining o‘rni» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada universitetimiz professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Milliy madaniy markazlaridan bir qancha mehmonlar ishtirok etdi. Dastlab konferensiya ishtirokchilari Maxtumquli ijodiy asarlaridan tayyorlangan ko‘rgazmani tomosha qildi. Shundan so‘ng, konferensiyaning asosiy qismi boshlandi. Ilmiy-amaliy konferensiyani universitetimiz rektori, akademik Axmed Reymov ochib berdi va olib bordi. U o‘z nutqida Maxtumqulining umuminsoniy masalalarga bag‘ishlangan asarlari bugungi yoshlarimiz uchun ham tarbiya maktabi bo‘lishini aytib o‘tdi.
Konferensiya uch bosqichda davom etdi. Uning birinchi bosqichi millatlararo totuvlik, birodarlik, milliy urf-odat hamda turli millatlarning milliy madaniyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, ikkinchi bosqichida Maxtumqulining hayoti, ijodi, shoir asarlarining ma’no-mazmuni, g‘oya-tematikasi, qardosh xalqlar adabiyotida, shoir ijodining o‘rganilishi va badiiy tarjimalari, Maxtumquli ijodining qardosh xalqlar adabiyotlarining bir-biriga yaqinlashuvida ko‘prik vazifasini bajarishi haqida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari A.O‘tepbergenov, qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi dotsenti, shoir B.Genjemuratov, turkman tili va adabiyoti kafedrasi mudiri professor O.Gayliyeva, o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti M.Ataniyazova, qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi dotsenti P.Allambergenova, Qozoq tili va adabiyoti assistenti R.Kenjebayeva o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.





