🟢O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 27-dekabrdagi qarori bilan Qoraqalpoq tili va adabiyoti mutaxassisligining 90 yilligiga bag‘ishlab universitetimizda 2025-yilning 28-29-noyabr kunlari «Hozirgi qoraqalpoq filologiyasining dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada Rossiya Federatsiyasidan, Turkmaniston, Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston Respublikalaridan filolog olimlar o‘zlarining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Konferensiya avvalida olimlar universitet jamoasi bilan uchrashib, bu yerdagi ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
🟢Turkmaniston Fanlar akademiyasi Maxtumquli nomidagi Til, adabiyot va milliy qo‘lyozmalar institutining katta ilmiy xodimlari filologiya fanlari nomzodlari Ch.Quliyev va B.Jepbarova, shuningdek, Davlatmamat Ozodi nomidagi Jahon tillari instituti katta ilmiy xodimi B.Ataniyazovalar dastlab universitetimiz o‘quv binolari bilan tanishdi, so‘ngra filologiya va tillarni o‘qitish (turkman tili) ta’lim yo‘nalishi talabalari, adabiyotshunoslik (turkman adabiyoti) magistratura mutaxassisligi magistrantlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Turkman tili va adabiyoti kafedrasi tomonidan seminar tashkil etilib, unda mehmonlar, kafedra a’zolari, magistrantlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Seminarni O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani f.f.d. M.Qurboniyozov olib bordi.






