Bugungi globallashuv davrida xalqaro hamkorlik, ayniqsa, oliy ta’lim sohasida, muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu asosda bugun, 17-aprel kuni Hindistonning nufuzli xususiy oliy o‘quv yurtlaridan biri — Sharda universiteti delegatsiyasi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘ldi. Unda Sharda universiteti rektori Pradeep Kumar Gupta, Sharda universitetining Andijon filiali direktori Ashok Daryani, shuningdek, universitetning korporativ ishlar bo‘yicha direktori Ravi Duttlar ishtirok etdi. Mehmonlarni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik Axmed Reymov kutib oldi. Dastlab mehmonlarga Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining tarixiy rivojlanishi, ilmiy va akademik faoliyati, xalqaro hamkorlik loyihalari va talabalarga yaratilayotgan sharoitlar, universitetdagi zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy-tadqiqot markazlari va xorijiy tillarda olib borilayotgan ta’lim dasturlari haqida so‘zlab berildi. Sharda universiteti vakillari o‘z navbatida Hindistondagi oliy ta’lim tizimi, xususan, Sharda universitetining xalqaro talabalar soni, ko‘p tarmoqli akademik dasturlari va jahon miqyosida tan olingan reytinglari haqida ma’lumot berib o‘tdi. Uchrashuv davomida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ya’ni, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma dasturlarni yaratish, shuningdek, Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari uchun Sharda universitetida amaliyot o‘tash imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Sharda universiteti delegatsiyasi ushbu tashrifdan mamnunligini bildirib, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi va yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholadi. Ushbu uchrashuv oliy ta’lim sohasida muhim bosqich bo‘lib, u nafaqat xalqaro akademik aloqalarni mustahkamlash, balki yosh avlodga sifatli va zamonaviy ta’lim olish imkoniyatini yaratish yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi. Albatta, bunday uchrashuvlar ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Murod Qurbonov ham ishtirok etdi.
17-aprel kuni Hindistonning nufuzli xususiy oliy o‘quv yurtlaridan biri — Sharda universiteti delegatsiyasi



