«O‘zbekiston — ko‘p millatli ahil oila» shiori ostida millatlararo totuvlik va do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi

Bugun, 15-aprel kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida «O‘zbekiston — ko‘p millatli ahil oila» mavzusida festival bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari R.Nurazizov, universitetning professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, shuningdek, Namangan davlat texnika universiteti, Urganch davlat universitetidan delegatsiyalar ishtirok etdi. Dastlab mehmonlar talabalar tomonidan yaratilgan milliy liboslar, hunarmandchilik namunalari, rasmlar ko‘rgazmalarini tomosha qildilar. Shundan so‘ng, «O‘zbekiston — ko‘p millatli ahil oila» mavzusida tadbir boshlandi.

Tadbirni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymov ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi kunda, O‘zbekiston o‘zining mustahkam tarixiy merosi, boy madaniyati va xalqaro aloqalari bilan nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyodagi muhim madaniy va siyosiy markazlardan biriga aylanib borayotganini, «Yangi O‘zbekiston» degan tushuncha nafaqat mamlakatimizning yangi siyosiy tizimini, balki xalqimizning yangi do‘stlik va madaniyatga bo‘lgan munosabatini ham ifoda etishini aytib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari R.Nurazizov so‘zga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini aytib, barcha tadbir ishtirokchilarini bayram bilan tabrikladi. Ushbu festival yurtimizda yashayotgan har bir millat vakilining ona yurti — O‘zbekiston bag‘rida naqadar erkin, teng va tinch hayot kechirayotganini yana bir bor namoyish etdi. Tadbirda ishtirok etgan mehmonlar, talaba-yoshlar va jamoatchilik vakillari yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashayotganini ta’kidladi. Ularning har biri o‘zining betakror madaniyati, urf-odat va an’analari bilan yurtimizning rang-barang madaniy qiyofasiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

O‘zbekiston dunyodagi kam sonli davlatlardan biri bo‘lib, unda milliy totuvlik va diniy bag‘rikenglik siyosati davlat darajasida olib boriladi. Har bir millat vakilining o‘z ona tilida so‘zlashishi, ta’lim olishi, madaniyatini rivojlantirishi uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berilgan. Respublikamiz bo‘ylab faoliyat ko‘rsatayotgan yuzlab milliy madaniy markazlar, milliy teatrlar, ijodiy uyushmalar ana shunday imkoniyatlarning yorqin dalilidir. Festival doirasida milliy liboslar ko‘rgazmasi, sahna chiqishlari va konsert dasturlari yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Har bir chiqish, har bir qo‘shiq, xalq raqslari yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan ochiq, xalqchil va bag‘rikeng siyosat natijasida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Turli millatlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash borasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu bejiz emas. O‘zbekiston taraqqiyotining asosi — bu barqarorlik, tinchlik va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikdir. Ana shunday muhitda yashayotgan har bir inson o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi, kelajakka ishonch bilan qarashi mumkin.

Festivalning eng qiziqarli qismi yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Talabalar o‘zlari ijro qilgan sahna ko‘rinishlarida do‘stlik, tinchlik, hamjihatlik kabi ezgu g‘oyalarni targ‘ib etib, yurtimiz ravnaqiga xizmat qilishga tayyor ekanliklarini namoyish etishdi. Albatta, bunday tadbirlar nafaqat yoshlar qalbida millatlararo totuvlik, vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy qiyofasini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi.